Jyul Vern

Jyul Vern (1828.8.2, Nant — 1905.24.3, Amen) — fransuz yozuvchisi. Ilmiy-fantastik roman janri asoschilaridan biri. Ijodini 1849 yildan kichik pesalar yozish bilan boshlagan. 1863 yil birinchi romani — «Havo sharida besh hafta» nashr qilingan. Vern «Yer markaziga sayohat» (1864), «Yerdan Oyga» (1865), «Oy atrofida» (1869), «Kapitan Grant bolalari» (1867-68), «Suv ostida 20000 kilometr» (1869— 70), «O‘n besh yoshli kapitan» (1878), «Suzib yuruvchi orol» (1895) kabi 65 dan ziyod ilmiy-fantastik, sarguzasht va ijtimoiy-tanqidiy roman, qissa va hikoyalar muallifi. O‘rta Osiyoda hech qachon bo‘lmagan Vern «Klodius Bombarnak» romanida uning tarixini, geografik o‘rni va iqlimini, mahalliy xalqlarning urf-odatlarini haqiqatga yaqin qilib tasvirlaydi. Asar qahramoni tilidan Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlari tasviriga to‘xtaladi, Buxoroni «Turkiston Rimi» deya ta’riflaydi, Samarqandning tarixiy obidalarini, ko‘cha va mahallalarini, bog‘u rog‘larini, odamlarini tavsiflaydi.

Vernning «Sirli orol» (1941), «Kapitan Grant bolalari» (1957), «Antifer tog‘aning ajoyib va g‘aroyib sarguzashtlari» (1969), «Suv ostida 20000 kilometr» (1973) va boshqa asarlari o‘zbek tilida nashr qilingan. Vernning asarlari asosida (masalan, «O‘n besh yoshli kapitan», «Kapitan Grant bolalari» va b.) kinofilmlar yaratilgan, ular o‘zbek tiliga dublyaj qilingan. Oyning orqa tomonidagi bir krater Vern nomi bilan atalgan.