Fyodor Dostoyevskiy

Rus yozuvchisi. Ijodiy faoliyati 1844 yilda boshlangan. Birinchi romani — «Bechora odamlar»da (1846) xo‘rlangan, ijtimoiy adolatsizlikka duchor bo‘lgan «kichkina odamlar»ning qismati hikoya qilingan. «Qiyofadosh» (1846), «Oq tunlar» (1848) qissalari ham ijtimoiy mavzuda. 

N. Dobrolyubov, V. Belinskiy kabi demokrat ziyolilarning inqilobiy g‘oyalariga mahliyo bo‘lib qolgan Dostoevskiy 1847 yildan rus inqilobchisi va xayoliy sotsialisti M.V. Petrashevskiy to‘garagiga faol qatnashib, xayoliy sotsializm g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur to‘garakda qatnashib, mavjud davlat tuzumini kuch ishlatib o‘zgartirishga harakat qilgani uchun Dostoevskiy o‘lim jazosiga hukm qilinadi (1849). Nufuzli davlat va jamoat arboblarining aralashuvidan so‘ng, podsho Aleksandr II o‘lim jazosini 4 yillik katorga surguni bilan almashtiradi. Yozuvchi Omsk katorga qamoqxonasida (1850—54) va Semipalatinskda intizomiy harbiy xizmatda bo‘ldi (1854—59). 1859 yildan Peterburgda Uzoq muddatli tutqunlik va surgun Dostoevskiy ijodida o‘z ifodasini topadi, tushkunlik ustuvor mavzuga aylanadi. «Stepanchikov qishlog‘i va uning aholisi» (1859), «Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar» (1861), «O‘lik xonadondan maktublar» (1861—62) asarlari jaholat botqog‘iga botib, insoniy qiyofasini yo‘qotgan ruslar hayotiga bag‘ishlangan.

Dostoevskiy M.M. Dostoevskiy (akasi) bilan hamkorlikda «Vremya» (1861—63), «Epoxa» (1864—65) jurnallarini nashr etadi. Bularda Rossiyadagi krepostnoylik tartibi, aslzoda (dvoryan)larning ma’naviy-axloqiy tubanligi, mehnatkashlar shafqatsiz ekspluatatsiya qilinishini fosh etishdan tashqari, millatchilik, buyuk davlatchilik (shovinizm) g‘oyalari, xususan, chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning zabt etilishi targ‘ib qilinadi. «Biz Yevropaga bostirib borsak, ular bizni varvarlar sifatida qarshi oladi, Osiyoda esa bizni madaniyatli millat kabi kutib olishadi», deb, Kaufman, Skobelev singari harbiylar Turkistonni bosib olishga da’vat etiladi.

«Jinoyat va jazo» (1866), «Telba» (1868) romanlarida rus xalqining ma’naviy muammolari badiiy bo‘yoqlarda yaqqol aks ettirilgan. «Jinlar» (1871—72), «O‘smir» (1875) romanlarida esa rus «oqsuyaklari» tabaqasi, amaldorlari orasida ma’naviy qashshoqlik, amalparastlik, ochko‘zlik va xudbinlik kabi illatlar chuqur ildiz otgani ko‘rsatilgan, ichki-milliy muammolarni boshqa bir xalq hisobiga hal etib bo‘lmasligi e’tirof etilgan. «Og‘a-ini Karamazovlar» (1879—80) romanida jamiyat va shaxs o‘rtasidagi chuqur ziddiyat, ruhiy inqiroz va fojia o‘z ifodasini topgan.

Dostoevskiy ijodi, garchi ziddiyatli bo‘lsada, rus va jahon adabiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Dostoevskiy 19-asrdagi realistik roman janrini yangi o‘ziga xos tomonlar bilan boyitdi. Adib to‘laqonli badiiy obrazlarda nafaqat voqealar oqimini, insonlar taqdirini, qalb kurashini, balki jamiyat ma’naviy hayotidagi fojiaviy konfliktlarni ham bera oldi. O‘zining intellektual romanlarida fikrlarning keskin kurashini, g‘oya va dunyoqarashning fojiaviy to‘qnashuvini mahorat bilan tasvirladi. Dostoevskiy romanlari vazmin tasvir uslubi emas, aksincha, sof dramatik janrlarga xos keskinligi va liro-publitsistik pafosi bilan ajraladi.

Dostoevskiyning «Jinoyat va jazo», «Telba» va boshqa asarlari Ibrohim G‘afurov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.