Abdulla Qodiriy

Abdulla Qodiriy (1894—1938) Abdulla Qodiriy yangi davr oʻzbek adabiyotining asoschilaridan bin, oʻzbek milliy romanchilik maktabining tamal toshini qoʻygan buyuk adibdir. U 1894-yil 10-aprelda Toshkentda bogʻbon oilasida tugʻilgan. 9-10 yoshlarida eski usul maktabda tahsil koʻradi. Soʻng rus-tuzem maktabida oʻqiydi. 17-18 yoshlarida bir savdogarga prikazchilikka yollanib, uch-toʻrt yil ishlaydi. Soʻng bogʻbonlik bilan tirikchilik oʻtkazadi. Abdulla Qodiriy ijodi 1913—1914-yillarda boshlandi. U shu yillari barcha ilgʻor fikrii yoshlar qatori jadidchilik harakatiga qoʻshilgan va oʻzining ilk asarlarida maʼrifat, millat taraqqiyoti va hurligi gʻoyalarini targʻib eta boshlagan. Qodiriy dastlab maʼrifiy sheʼrlar yozdi. «Ahvolimiz», «Millatimiz», «Toʻy» kabi sheʼrlari jadid matbuotida eʼlon qilinadi. 1915-yili u Behbudiyning «Padarkush» fojiasi taʼsirida «Baxtsiz kuyov» pyesasini yozadi. Soʻng oʻzi «milliy roʻmon» deb atagan«Juvonboz» hikoyasini yaratadi. Bu asarlar ham avvalo maʼrifatparvarlik qarashlari mahsuli boʻlib, jamiyatdagi chirkin illatlar va qoloq urf-odatlarni keskin tanqid qilishga yoʻnaltirilgan.
1916-yilda yozilgan «Uloqda» hikoyasi A.Qodiriy ijodida badiiy izlanishlar rivojini koʻrsatadigan muhim hodisalardandir. 1917-yil fevral va oktabr voqealaridan keyin A.Qodiriy hayotida ham, ijodida ham oʻzgarishlar roʻy berdi. U shoʻro idoralarida ishladi. «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida adabiy xodim, «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan boʻldi. Moskvada V.Brusov nomidagi jurnalistlar institutida tahsil oldi. A.Qodiriy 1925—1926-yillarda«Oʻtgan kunlar» romanini eʼlon qiladi. Bu toʻlaqonii realistik ilk oʻzbek romani boʻlib, Qodiriyning jadidona siyosiy qarashlari yuksak badiiy ifodasini topgan asar edi. 1928-yili yozuvchi «Mehrobdan chayon» romanini eʼlon qildi. Bu roman ham adibga katta shuhrat keltirdi. Bundan tashqari, A.Qodiriy «Obid ketmon» qissasining, «Toshpoʻlat tajang nima deydi?», «Kalvak maxzumning xotira daftaridan» turkum satirik hikoyalarining, rus va gʻarb adabiyotidan oʻgirilgan qator tarjimalarning ham muallifidir.
Abdulla Qodiriy 1937-yil soʻnglarida hibsda olinib, 1938-yil 4-oktabrda Toshkentda Boʻzsuv boʻyida qatl etiladi.