Aziz Nesin

Asl ismi Mahmud Nusrat bo’lgan turk hajviy yozuvchisi, dramaturg. Nafis san’at akademiyasi (Istanbulda o‘qigan (harbiy ma’lumotga ham ega). «Marko posho» (1946) taraqqiyparvar hajviy gazeta va boshqa matbuot organlarida ishlagan. 

«Nuh kemasi» (1949) hajviy jurnalini nashr etgan. Ko‘plab hajviy hikoya, poema va romanlar muallifi, siyosiy va ijtimoiy hajv ustasi. «Jinnilar ozod bo‘ldi», «Ishbilarmon odam», «Noziq va nafis», «Xudoga shukur» va boshqa asarlari siyosiy o‘tkir va dolzarb. Ularda yozuvchi jamiyat illatlarini fosh qiladi, kulgili vaziyat, xususiyat va holatlar orqali kishilarni beixtiyor o‘z nuqsonlaridan kulishga majbur etadi. 

Aziz Nesin asarlarining qahramonlari — ish axtaraverib bezor bo‘lgan mayda amaldor, omadsiz ziyoli va qashshoq ishchi («Yashasin kambag‘allik», «Maydon soatlari», «Xotin kishi bo‘lganimda-yu...» va b.). 

«Shunday bo‘ldi, bunday bo‘lmaydi» avtobiografik qissasi, «Aziznoma» hajviy she’rlar va «Mamlakatlardan birida» hajviy hikoyalar to‘plamlari mavjud. 

Hajvchi yozuvchilar xalqaro tanlovlarida «Dafna chambari» olgan (1956, 1957). O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining Toshkent anjumanlari ishtirokchisi.

Asarlari o‘zbek («Musht ketdi», 1966; «Xushtak afandim», 1969; «Futbol qiroli», 1978 va h.k.) va boshqa tillarda nashr qilingan.